Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda benzin narxiga jahon bozorida neft narxlarining o‘zgarishi sezilarli darajada taʼsir ko‘rsatayotgani aniqlandi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari 2022—2023-yillarda jahon bozorida neft narxi o‘zgarishining O‘zbekistonda benzin narxlariga taʼsirini tahlil qildi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Unda 2022-yil yanvar oyidan 2023-yil noyabr oyigacha bo‘lgan davrda Respublika tovar-xomashyo birjasida sotilgan avtobenzin ulgurji narxlari, Toshkent shahrida AYQSHlardagi chakana benzin narxlari hamda Jahon bankining neft narxlari bo‘yicha maʼlumotlaridan foydalanildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, jahon bozorida neft narxining o‘zgarishi 1 oy o‘tgandan so‘ng Respublika tovar-xomashyo birjasida avtobenzin narxlarida o‘z aksini topmoqda.

Masalan, 2022-yil yanvar-iyun oylarida neft narxining 39,2 foizga oshishi birjada avtobenzin o‘rtacha ulgurji narxining 22,4 foizga ko‘tarilishiga olib kelgan. 2022-yil iyul-dekabr oylarida jahon bozorida neft narxining 33,2 foizga tushishi ulgurji narxlarning o‘rtacha 21,3 foizga arzonlashishiga sabab bo‘lgan.

2023-yilning yanvar-may oylarida jahon bozorida neft narxining barqarorlashishi hamda 2022-yilning 10-dekabridan Ai-80 markali avtobenzin uchun aksiz solig‘ini nol stavkasiga tushirilishi natijasida avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxlari 4848—5060 so‘m oralig‘ida shakllandi.

Lekin, 2023-yilning iyun-noyabr oylarida avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxi 5315 so‘mdan 5860 so‘mgacha (10,2 foiz) oshdi. Ushbu davrda jahon bozoridagi o‘rtacha neft narxi 11 foizga (73 AQSH dollaridan 81 AQSH dollarigacha) qimmatlashgan.

Ekonometrik tahlil natijalariga ko‘ra, avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxi, shu jumladan, talab yuqori bo‘lgan Ai-80 va Ai-92 markali benzinlarning ulgurji narxlari jahon bozoridagi neft narxiga sezuvchan ekani aniqlandi.

Xususan, jahon bozorida neft narxining 1 foizga ko‘tarilishi avtobenzin o‘rtacha ulgurji narxlarining bir oy kechikish bilan 0,30 foizga oshishiga, shu jumladan, Ai-80 benzinning 0,32 foizga, Ai-92 benzinning 0,54 foizga qimmatlashishiga olib kelishi maʼlum bo‘ldi.

Toshkent shahrida avtobenzinlarning o‘rtacha chakana narxlari esa o‘rtacha ulgurji narxlarga sezuvchan bo‘lib, ular bir xil o‘zgarish dinamikasiga ega.

Xususan, Respublika tovar-xomashyo birjasida avtobenzin ulgurji narxlarining 1 foizga o‘sishi, Toshkent shahrida chakana narxlarning 0,29 foizga oshishiga olib kelmoqda.

Lekin, 2023-yil yil noyabr oyida jahon bozorida 1 barrel neft narxining o‘rtacha hisobda 81,35 AQSH dollarigacha (oktyabr oyiga nisbatan 8,7 foizga) pasayganiga qaramasdan, dekabr oyida Toshkent shahrida Ai-80 avtobenzin o‘rtacha chakana narxi (7611 so‘m) noyabr oyiga (7440 so‘m) nisbatan 2,3 foizga ko‘tarildi. Bu esa dekabr oyining o‘rtalarida sovuq havo iqlimining kirib kelishi bilan metan gaz taʼminotidagi cheklanishlar natijasida Ai-80 benzinga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishi bilan izohlanishi mumkin.

“Mamlakatimizda neft va avtobenzin mahsulotlariga bo‘lgan talabning bir qismi import hisobiga qoplanishi sababli jahon bozorida neft narxlarining o‘zgarishi ichki bozorda avtobenzin narxlariga sezilarli darajada taʼsir ko‘rsatmoqda. Demak, O‘zbekistonda avtobenzin narxlari 1 oylik kechikish bilan jahon bozorida neft narxi bilan uyg‘unlikda harakat qilmoqda”, — deyiladi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlilida.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »