Jiddiy kasallik bilan kurashishiga qaramay, muvaffaqiyatli karyera qilgan aktyorlar
Odatda biron bir yumushni qilish uchun imkoniyatlar yetarli emasligidan noliymiz. Lekin oramizda sog‘lom insonga qaraganda imkoniyati cheklangan, ammo muvaffaqiyat qozongan insonlarga duch kelamiz. Bunday kishilar aktyorlar safida ham yo‘q emas. Quyida jiddiy kasallik bilan kurashib ham maqtanishga arziydigan faoliyat yuritgan aktyorlarning baʼzilari haqida hikoya qilamiz.
Piter Dinkleyj
Piter Dinkleyjning bo‘yi tug‘ma axondroplaziya tufayli 135 santimetrni tashkil etadi. Oilada bu kasallik faqat Piterda kuzatilgan. U o‘z faoliyatini 26 yoshida boshlagan. 2011-yilga kelib, “Elf”, “Narniya yilnomalari: Shahzoda Kaspian” va boshqa ko‘plab filmlarda suratga tushishga ulgurgan taniqli aktyor edi.
Lekin unga haqiqiy shon-shuhratni “Taxtlar o‘yini” serialidagi roli keltirdi. Piter rolga kastingsiz taklif qilingan kam sonli aktyorlardan biri bo‘ldi. Jorj Martin Tirion Lannister personajini Piter maromiga yetkazib o‘ynay olishiga ishongan.
Shuningdek, u “Sirana”, “Qasoskorlar: Abadiyat urushi”, “G‘aroyib odamlar”, “Ebbing, Missuri chegarasidagi uchta reklama taxtasi” kabi mashhur filmlarda ham suratda tushgan.
ArJey Mitt
Tug‘ilish paytida u bolalarda uchraydigan miya falaji kasalligini orttirib oldi. Lekin kasallik uning 2007-yilda aktyor bo‘lishiga, 2008-yilda katta muvaffaqiyatga erishgan “Egrilik sari” teleserialida kichik Uolter Uayt rolini o‘ynashiga to‘sqinlik qilmadi.
Mittning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zining nogironligini boshqalardan farqli jihati sifatida qabul qilgan va undan maksimal darajada foydalanishga harakat qiladi. “Egrilik sari” kartinasidan so‘ng faoliyatini faol davom ettirdi va “Triumf”, “Bugungi apokalipsis”, “Qaytish” va boshqa ko‘plab filmlarda suratga tushdi.
Geyten Matarazzo
Geyten Matarazzoning ijrosidagi “Juda g‘alati ishlar” filmi qahramoni Dastin ismli yigit tashqi ko‘rinishi sabab qizlarni o‘ziga rom eta olmaydi. Gap shundaki, Geytenning o‘zi kam uchraydigan kurak suyagi displaziyasi kasalligidan aziyat chekadi. Bu esa o‘z navbatida boshqa noxush muammolarga ham olib keladi. “Juda g‘alati ishlar” filmidagi ishtiroki Matarazzoga yordam bergan. U nafaqat o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirgan, balki muhim operatsiyalarga sarflashi kerak bo‘lgan katta miqdordagi pulni ham ishlab olgan.
Milli Shapiro
Kurak suyagi displaziyasi kam uchraydigan kasallik bo‘lsa-da, kino olami vakillaridan nafaqat Matarazzo, balki “Irsiyat” filmi orqali muxlislarga tanish bo‘lgan Milli Shapiro ham shu kasallikdan aziyat chekadi.
Milli faoliyati davomida uchta teleserialda ishtirok etgan, shuningdek, teatrda ishlaydi va treklar yozadi. Hatto 2013-yilda “Gremmi” mukofotiga nomzod ham bo‘lgan.
Maykl Jey Foks
Maykl unga parkinson kasalligi tashxisi qo‘yilishidan oldin ham taniqli edi. U 1991-yilda ushbu kasallik tufayli ertami-kechmi aktyorlik faoliyatini tark etishi kerakligini angladi, garchi alomatlar avvalroq boshlangan bo‘lsa ham. Ko‘pchilik muxlislarning fikricha, agar Maykl “Kelajakka qaytib 2” filmini suratga olish chog‘ida muvaffaqiyatsiz tryuk sabab hushini yo‘qotmaganida, ehtimol bu kasallikka chalinmagan bo‘lardi.
Jey Foks vaziyatning jiddiyligini tashxisdan so‘ng anglagan, lekin filmlarda suratga tushishda davom etavergan. Faqatgina 2020-yilga kelib, faoliyatini yakunladi. Shu bilan birga, so‘nggi yillar u uchun juda og‘ir kechmoqda, chunki u o‘z nutqini nazorat qilishni yo‘qotdi va xotirasi ham susaygan.