Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Gerri Potter”dagi omon qolgan bola hikoyasi bizga oddiy, ammo juda muhim haqiqatlarni eslatadi.

Baxtni pulga sotib olib bo‘lmaydi

Joan Rouling bu g‘oyani ikki oilaning hikoyasi orqali ochib beradi. Uizlilar juda kamtarona uyda yashaydi, bolalar bir-birining kiyimlarini kiyishga majbur, ota-onalar esa zo‘rg‘a kun kechiradi. Malfoylar, aksincha, hashamatli mulkka ega va doimo o‘z boyliklarini ko‘z-ko‘z qiladi.

Shu bilan birga, Uizlilar oilasida o‘yin-kulgi muhiti hukm suradi, ammo Malfoylar nosog‘lom munosabatlarga ega. Ular tanlagan yo‘l haqiqatan ham oilaga hashamat olib kelgan, lekin ularni iliqlik va quvonchdan mahrum qilgan, ular xatosini saga oxiriga yaqin tushunadi.

Albatta, moddiy farovonlik juda yoqimli narsa bo‘lib, u hayotni ko‘p jihatdan yaxshilaydi. Lekin baxtni pulga sotib olib bo‘lmaydi.

Insonning kimligi boshqalarga qilgan munosabati bilan belgilanadi

Garri bu hayotiy saboqni cho‘qintirgan otasi Sirius Blekdan o‘rganadi: “Agar odamning haqiqatda qanday ekanini bilmoqchi bo‘lsang, o‘zi tengilarga emas, balki o‘zidan quyida turganlarga qanday munosabatda bo‘lishiga e’tibor ber”.

Tarix davomida yovuz odamlar bu fikrning haqiqatini qayta-qayta isbotlab kelgan. Masalan, Dolores Ambrij kentavrlar va boshqa noinsoniy mavjudotlarni mensimaydi. Yoki qoni toza bo‘lmagan sehrgarlarni ta’qib qiluvchi o‘lim sharpalari.

Blekning nasihati oddiy odamlar dunyosida ham amal qiladi. Maqomi bo‘yicha o‘ziga teng yoki undan yuqori bo‘lganlar bilan muloqot qilishda odam juda axloqli bo‘lishi mumkin. Lekin uning asl qiyofasi qo‘li ostidagi xodimlarga bo‘lgan munosabatida namoyon bo‘ladi.

Har qanday orzu amalga oshishi mumkin

“Qaqnus ordeni” qismida Jinni Uizli egizak akalari Fred va Jorj bilan bir tom ostida yashash unga bitta muhim narsani o‘rgatganini tan oladi: “Bu dunyoda imkonsiz narsa yo‘q, eng muhimi sendagi jasorat”.

Uizlilar istaklarni keyinroqqa qoldirmaslik uchun hozir harakat qilish kerakligining yorqin namunasidir. Avvaliga hech kim ularning “Uizlilarning sehrli buyumlari” do‘konini ochish g‘oyasini jiddiy qabul qilmaydi. Ammo Fred va Jorj o‘z pozitsiyalarida mustahkam turadi. Ular maktabni tashlab, biznes qiladi va eng qiyin paytlarda ham o‘z bizneslarini rivojlantirishga muvaffaq bo‘ladi.

Har bir orzuga erishish uchun jasorat kerak. Aka-uka Uizlilar sehr tufayli emas, balki o‘zlarini baxtli qiladigan va individualligini aks ettiradigan faoliyatga bag‘ishlaganlari uchun muvaffaqiyatga erishadi.

Tashqi ko‘rinish aldamchi bo‘ladi

Tom Reddl kelishgan, xushmuomala, namunali talaba bo‘lsa-da, Baziliskni maxfiy hujradan qo‘yib yuboradi va magllardan tug‘ilganlarni o‘ldiradi. Sehrli mavjudotlarga g‘amxo‘rlik qiluvchi proffesor Hagrid esa qo‘rqinchli ko‘rinadi, lekin aslida u ulkan qalbga ega mehribon inson. Yoki Severus Sneypni eng jasur va fidoyi qahramonlardan biri ekanligini bilgunga qadar hamma uni yovuz afsungar deb o‘ylaydi.

Filmlar va kitoblarda qahramonlar ko‘pincha dramatik o‘zgarishlarga uchraydi. Ammo haqiqiy hayotda boshqalarni tashqi ko‘rinishiga qarab baholamaslik muhim saboq. Unchalik tanimaydigan odamlarga o‘zlarini isbotlash imkoniyatini bering — ular sizni hayron qoldirishi mumkin.​​

Orzularda emas, haqiqiy hayotda yashash kerak

“Hikmatlar toshi”da Garri tasodifan Orzular ko‘zgusiga duch keladi. Unda har bir kishi o‘zining eng ezgu orzusi qanday amalga oshishini ko‘ra oladi. Garri uchun eng katta orzu — ota-onasining yonida bo‘lishdir. Bola dunyodan uzilib, vaqtini sehrli ko‘zgu oldida soatlab o‘tkazishni boshlashi ajablanarli emas. Bir kuni uni professor Dambldor ko‘rib qoladi, u Garriga juda oddiy so‘zlarni aytadi: “Sen tushda yashamasliging, haqiqiy hayotni unutmasliging kerak”.

Hamma orzu qilishni yaxshi ko‘radi. Xayoliy hayot haqiqiy hayotning o‘rnini egallab olmasa, buning hech qanday yomon joyi yo‘q.

Barcha buyuk insonlar ishni kichik narsadan boshlagan

“Qaqnus ordeni”da Garri, Ron va Germiona Sehrgarlik vazirligi ularga mashq qilishga ruxsat bermaydigan mudofaa afsunlarini o‘rganish uchun Dambldor armiyasini tuzadi. Garri boshqa o‘smirlar uchun o‘qituvchi bo‘ladi va hatto ilhomlantiruvchi nutq so‘zlaydi: “Tarixdagi barcha buyuk sehrgarlar xuddi biz kabi maktab o‘quvchilari bo‘lganini unutmang. Ular buni uddalagan bo‘lsa, biz ham qila olamiz”.

Agar harakat qilsangiz, sizda ham xuddi shunday yuksak darajaga ko‘tarilish imkoniyati bo‘ladi. Va hech kim siz qilmoqchi bo‘lgan ishni qilmagan bo‘lsa ham, bu amalga oshmaydi degani emas. Bu siz birinchi bo‘lishingiz mumkinligini anglatadi.

Eng qiyin paytlarda ham baxtli bo‘lish mumkin

“Baxtni hatto zulmatda ham topish mumkin, agar yorug‘likni unutmagan bo‘lsangiz”, — deydi professor Dambldor “Azkaban mahbusi”da.

Butun saga davomida qahramonlar kelajakka bo‘lgan yaxshi niyat va umidni saqlab qolishga harakat qiladi. Ular “Potter guruhi” nomli ko‘ngilochar radio-shou o‘ylab topadi, uning boshlovchilari nafaqat yangiliklar haqida xabar beradi, balki Voldemort hokimiyat tepasiga kelganida tinglovchilarning kayfiyatini ko‘taradi. Ular Dambldor armiyasini Hogvarts tarixidagi eng qiyin davrlardan birida bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash uchun tuzadilar.

Hatto eng qorong‘i paytlarda ham yorug‘likni qidirishni to‘xtatmang. Agar uni topa olmasangiz, “Potter” sagasi qahramonlari singari o‘zingiz uning manbasiga aylaning.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »