Ilon Mask o‘zi ishonadigan AQSH prezidenti lavozimiga nomzodni ma’lum qildi
Amerikalik tadbirkor Ilon Mask 2024-yilgi AQSH prezidentligi saylovlarida Respublikachilar partiyasidan potensial nomzod Vivek Ramasvamiga ishonishini aytdi. Bu haqda tadbirkor X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
Siyosatchi Maskning unga nisbatan ijobiy munosabatini o‘z sahifasiga joylashtirgan. Vivek Ramasvami prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, AQSHning NATOdan chiqishiga erishishni rejalashtirayotganini aytgandi. Reuters va Ipsos xalqaro tadqiqot kompaniyasi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Ramasvamini respondentlarning 4 foizi, AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampni esa 49 foizi qo‘llab-quvvatlagan.
2023-yilning yozida Ramasvami Rossiyaga Ukrainadagi mojaroga barham berishi mumkin bo‘lgan bitim tuzishni taklif qilgandi. Siyosatchi Kiyevning ehtimoliy yon bosishi orasida “to‘qnashuv chizig‘ini muzlatish” va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lmasligini aytgandi.
“Buning evaziga Rossiya Xitoy bilan qo‘shma harbiy kelishuvdan chiqishi kerak”, — degandi Ramasvami.
AQSHda prezidentlik saylovi 2024-yil 5-noyabrga belgilangan. Kutilganidek, Donald Tramp Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lsa, unga amaldagi davlat rahbari Jo Bayden raqobatchi bo‘ladi. Sotsiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, Tramp saylovoldi poygasida g‘alaba qozonishga qodir.