Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Janubiy Koreya gullab-yashnagan hozirgi kelajagi uchun bir vaqtlar afsonaviy korporatsiyalarga asos solgan mahalliy tadbirkorlardan qarzdor. Ular “katta oila” degan ma’noni anglatuvchi chebol nomi bilan mashhur. Birinchi chebollar 1960-yillarda, Janubiy Koreya hukumati yangi iqtisodiy rivojlanish siyosatini boshlagan paytda paydo bo‘lgan. Ko‘pincha bir oila boshchiligida bir nechta kompaniyalar birlashib, yirik korporatsiyalarga aylanadi. Bugungi koreyalik milliarderlarning ko‘pchiligi hamon shunday yirik oilaviy biznesning merosxo‘rlaridir.

Maykl Benju Kim — Osiyodagi xususiy kapitalning “cho‘qintirgan otasi”

  • Lavozimi: MBK Partners asoschisi va boshqaruvchisi
  • 2023-yilda sof boyligi: 11,2 milliard dollar
  • Tug‘ilgan yili: 1963-yil

Kim Janubiy Koreyada tug‘ilgan va Amerikaning Garvard biznes maktabida tahsil olgan. O‘qish davrida u Amerika fuqaroligini oladi. U o‘z faoliyatini Amerikaning Goldman Sachs investitsiya banklarida boshlagan, keyinroq Salomon Smith Barney’ga ishga o‘tgan. 90-yillarning o‘rtalarida The Carlyle Group moliyaviy korporatsiyasining Osiyo bo‘limi prezidenti bo‘lgan.

U “Osiyo xususiy kapitalining cho‘qintirgan otasi” deb ataladi. 2005-yilda u sherigi bilan MBK Partners xususiy investitsiya kompaniyasiga asos solgan — MBK uning ism-sharifining bosh harflari. Hozirda kompaniya 26 milliard dollardan ortiq aktivlarni boshqaradi. Shuningdek, u ING Insurance Korea va Tesco Homeplus supermarketlar tarmog‘ining Koreyadagi sobiq sho‘ba korxonasiga egalik qiladi.

Kim sobiq bosh vazir va po‘lat giganti Posco asoschisi — marhum Park Tejunning qiziga uylangan. U san’at asarlarini kolleksiya qilishga qiziqadi va Nyu Yorkdagi Metropolitan san’at muzeyi kuzatuv kengashi a’zosi, shuningdek, mashhur filantrop. 2020-yilda uning Osiyo moliyaviy inqirozi davridagi investitsiya bankirining hayoti haqida hikoya qiluvchi “Taklif” romani nashr etilgan. 2023-yilda Maykl Janubiy Koreyaning eng boy odami deb tan olingan.

Katta Li oilasi yoki “Samsung’da hamma o‘zimizniki”

Li Chje Yong — prezidentlik sari mashaqqatli yo‘l

  • Lavozimi: Samsung Electronics prezidenti
  • 2023-yilda sof boyligi: 11,2 milliard dollar
  • Tug‘ilgan yili: 1968-yil

Li Chje Yong Samsung prezidenti Li Gong Xi va Xong Ra Xining to‘ng‘ich farzandi va yagona o‘g‘li, uning bobosi Li Byung Chol kompaniyaga asos solgan. Seul universitetida tarix fakultetida bakalavr darajasini va Tokiodagi Keyo universitetida MBA darajasini olgan. Shundan so‘ng u Garvard biznes maktabida ham o‘qigan, ammo hech biridan diplom ololmagan, ammo hozir u yapon va ingliz tillarini yaxshi biladi.

2017-yilda Jey Li Janubiy Koreyaning o‘sha paytdagi prezidentiga pora berishda ayblanib, qamoqqa olinadi. 2018-yilda tadbirkor ozodlikka chiqadi. 2022-yilda prezidentning afv etish qarori bilan uning jinoiy o‘tmishi tozalanadi va buni “mamlakat milliy manfaatlari” bilan izohlaydi. 2022-yil oktyabrda u nihoyat mamlakatning eng yirik konserni rahbari Samsung Electronics direktorlar kengashi raisi bo‘ladi (otasi vafotidan keyin ikki yil davomida bu lavozim bo‘sh edi).

Ishbilarmon doiralarda Li o‘zining xotirjamligi va xushmuomalaligi bilan mashhur. Elektron pochta xabarlariga shaxsan o‘zi javob beradi, jurnalistlar bilan do‘stona va ochiq muloqot qiladi. Uning 2009-yilda ajrashgan sobiq rafiqasi Lim Seren Daesang Group raisining o‘rinbosari. Juftlikning ikki nafar farzandi bor, ular konsernning kelajakdagi merosxo‘rlari hisoblanadi. 2023-yilda tadbirkor Maykl Kimdan keyin mamlakatning ikkinchi eng boy odamiga aylandi.

Li Bu Jin — dadasining qizi

  • Lavozimi: Shilla mehmonxonalar tarmog‘i ijrochi direktori
  • 2023-yilda sof boyligi: 3,8 milliard dollar
  • Tug‘ilgan yili: 1970-yil

Li Bu Jin — Li Gun Xining qizi va Li Chje Yonning singlisi. Mahalliy matbuot uni biznesdagi dastlabki ko‘nikmalari uchun “Gong Xining yosh versiyasi” deb atagan. Bu Jin faoliyatini 1995-yilda Samsung Welfare Foundation’da boshlagan. 2010-yildan beri u Samsung Group tarkibiga kiruvchi Shilla hashamatli mehmonxonalar tarmog‘ini boshqarib keladi. Kompaniya, shuningdek, mamlakatda boj olinmaydigan yetakchi operator hisoblanadi. Li Bu Jin ketma-ket o‘n yil davomida Forbes talqini bo‘yicha dunyodagi eng kuchli ayollar ro‘yxatiga kiritilgan.

Bu Jin 1999-yilda sevib turmushga chiqadi: uning tanlagani Im U Chje kelib chiqishi oddiy oiladan bo‘lgani va Samsung sho‘ba korxonasida xavfsizlik xodimi sifatida ishlagani uchun matbuotda “Janob Zolushka” laqabini oladi. Er-xotin 2012-yilda ajrashadi, Li ajrashish shartnomasining bir qismi sifatida sobiq eriga 7,6 million dollar to‘lashi kerak edi. Ammo o‘sha paytgacha o‘zini tutib olgan “Zolushka” unga qarshi da’vo arizasi bilan 1,1 milliard dollar talab qiladi. Natijada sobiq turmush o‘rtoqlar aktivlarni taqsimlashda 12,1 million dollarga kelishib oladi. 2023-yilda Bu Jin Forbes ma’lumotlariga ko‘ra Janubiy Koreyaning eng boy odamlari o‘ntaligiga kirgan.

Xong Ra Xi — Samsung Group prezidentining bevasi

  • 2023-yilda sof boyligi: 4,9 milliard dollar
  • Tug‘ilgan yili: 1945-yil

Xong Ra Xi Samsung Group direktorlar kengashi raisi Li Kun Xining bevasi. U Samsung san’at muzeyi direktori edi. 2020-yilda vafot etgan eri Li Kun Xi Janubiy Koreyadagi eng boy odam bo‘lgan. Biroq Xongning ota-onasi ham nufuzli odamlar: otasi mediamagnat va Koreyaning eng yirik gazetalaridan biri Chun’an Ilbo noshiri. Akasi Xong Seok Jo esa eng yirik chakana savdo tarmog‘ining rahbari.

Er-xotinning ikki qizi bor edi. Katta qizi Li So Xyon Samsung Welfare Foundation fondini boshqaradi va boyligi bo‘yicha Koreyada 12-o‘rinda turadi. Ammo kenja qizi Li Yun Xyun 2005-yilda Amerikada o‘qiyotganda joniga qasd qiladi. O‘sha paytda u 26 yoshda edi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bunga otasining badavlat oiladan bo‘lmagan yigitga turmushga chiqishiga ruxsat bermagani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ma’lumotning aniq tasdig‘i yo‘q — oila bunday qayg‘uli voqeaning asl sababini hech qachon oshkor qilmagan.

Cho Jung Xo — iqtidorli kichik uka

  • Lavozimi: Meritz Financial Group prezidenti
  • 2023-yilda sof boyligi: 6 milliard dollar
  • Tug‘ilgan yili: 1958-yil

Cho Jung Xo — Korean Air’ni o‘z ichiga olgan Hanjin Group asoschisi, marhum Cho Jung Xunning merosxo‘ri. Uning otasi biznesini bitta yuk mashinasi bilan boshlagan va oxir-oqibat butun bir transport imperiyasini yaratgan.

Jong Xo o‘z faoliyatini Korean Airlines kompaniyasining Yevropa vakolatxonasida boshlagan va Shveysariyada MBA darajasini olgan. 1989-yilda u Janubiy Koreyaga qaytib keladi va Hanjin Group moliyaviy bo‘limi Hanjin Investment & Securities kompaniyasiga rahbarlik qiladi. 2002-yilda otasi vafotidan so‘ng to‘rt o‘g‘il o‘rtasida otasidan qolgan meros janjali boshlanadi. Natijada 2005-yilda u Meritz oilaviy xolding kompaniyasini tark etadi.

Jong Xo boylik va muvaffaqiyat bobida ham akalaridan oldinda: uning kompaniyasi qiymati 2005-yildan beri bir necha barobar oshdi va 2023-yilda Janubiy Koreyaning eng boy odamlari orasida 9-o‘rinni egalladi. 1987-yilda u Ourhome Group prezidenti Ku Ja Xaning qizi va Samsung asoschisi Li Byon Chxolning nabirasi Ku Men Jinga uylangan. Hozirda er-xotinning uch nafar farzandi bor.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »