Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika sud tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy markazi va uning hududiy filiallari xulosalariga ko‘ra, “Dok-1 Maks” va “Ambronol” (sirop) dori vositalarini isteʼmol qilgan 68 nafar bola o‘limiga mazkur dori vositalari tarkibidagi etilenglikol va dietilenglikol yot moddalaridan zaharlanish sabab bo‘lgan. Doridan zaharlangan bolalarda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchiligi kelib chiqqan.

Sudning dastlabki majlislarida so‘z olgan sudlanuvchilarning qayd etilishicha, “Dok-1 Maks” siropi O‘zbekistonga dastlab 2012-yil olib kirilgan. 2021-yil 22-oktabr kuni “Dok-1 Maks” siropini ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasining muddatini uzaytirish uchun Davlat markaziga ariza topshirilgan. Hujjatlarda siropni ishlab chiqaruvchi Marion Biotech Pvt.Ltd kompaniyasining GMP sertifikati muddati 2021-yil 24-oktabr kuni tugashi ko‘rsatilgan bo‘lgan.

“Dok-1 Maks” sudi majlislarida qatnashib so‘z olgan bir nechta sudlanuvchi va mutaxassis guvohlar “Dok-1 Maks” siropi qayta ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan paytda ham xalqaro standart asosida tekshiruvdan o‘tkazilganini, shu sabab sirop tarkibidagi zaharli modda aniqlanmaganini bildirgandi. Ularning aytishicha, nafaqat “Dok-1 Maks” tarkibi, O‘zbekistonga kirib kelayotgan boshqa dorilar tarkibi ham xalqaro standart asosida tekshirilsa, undagi zaharli moddani aniqlab bo‘lmasdi. Qachonki, qo‘shimcha tekshiruv qilinsa, zaharli dorining O‘zbekistonga kirib kelishiga to‘sqinlik qilish mumkin.

O‘zbekistonda yiliga mingdan ortiq dori vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Shu sabab mana bu dorini mana bu tartib bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazasan, deya xalqaro standart qabul qilingan. Farmakopiyaning xalqaro standartini biznikilar ham (O‘zbekiston ham deyilmoqda — tahririyat izohi) qabul qilishgan. Lekin u yerdagi xatoni oladigan bo‘lsangiz, boshiga, 90-yillarga qaytib farmakopiyani tasdiqlagan, Britaniyada o‘tirgan fan doktorini bu yoqqa olib kelib qo‘yib, nega sen o‘sha paytda bunday xato qilgansan, deyishimiz kerak bo‘ladi, — degandi sudlanuvchilardan biri.