Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda eng kamida 68 nafar bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropi bo‘yicha boshlangan sudning navbatdagi majlisida jabrlanuvchilar tovon puli uchun milliardlab so‘rayotgani aytilib, ularga to‘lanishi lozim bo‘lgan tovon pulining miqdorini aniqlashtirish uchun sug‘urta xodimlarini sudga taklif qilish so‘raldi. Bu haqda sudda qatnashgan “Daryo” jurnalisti ma’lumot berdi. 

Sudning 2024-yil 26-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida jabrlanuvchilardan biri bolasining o‘limi uchun 500 milliard so‘m miqdoridagi tovon puliga da’vo qilayotgani bildirildi. 

Foto: “Daryo”

Advokat Muhsinjon Madaminov sudda so‘z olib, sudlov hay’atiga bir nechta iltimosnomalari borligini aytib, dastlabki iltimosnoma sifatida jabrlanuvchilarga to‘lanishi lozim bo‘lgan tovon puliga aniqlik kiritish uchun sug‘urta xodimlarini sudga taklif qilishni so‘radi. 

Ko‘ryapmiz, ota-onalar milliardlardan kelyapti. Mayli, jabrlanuvchilarning o‘z tili bilan aytganda, “tog‘dek so‘rab, qirdek berish”, masalasiga keladigan bo‘lsak, vafot etgan shaxsning qiymati bo‘lmaydi, lekin o‘lim holati bo‘lganda ularga tovon puli to‘lanishi huquqiy amaliyotda bor. Qaysi bolaga qancha pul to‘lanishiga aniqlik kiritish uchun O‘zbekistonda faoliyat olib boruvchi eng kamida 5 ta sug‘urta tashkilotidan vafot etgan, aynan shu yoshdagi bolalarga 2022—2023-yillarda qancha tovon puli to‘langaniga aniqlik kiritishingizni so‘rayman, — dedi advokat. 

Sudya bu iltimosnomani tinglar ekan, nima uchun aynan sug‘urtadan, degan savolni berdi. “Chunki vafot etganlarga qancha tovon puli to‘lanayotgani haqidagi ma’lumot faqat sug‘urtada bo‘ladi”, dedi advokat. 

Sudlov hay’ati raisi tomonlar fikrini so‘rab chiqqach, sud joyida ajrim qilganini va iltimosnomani rad etganini ma’lum qildi. 

Sudlov hay’ati advokatimiz iltimosnomasini Jinoyat-protsessual kodeksining 423-moddasidan kelib chiqib, joyida hal etdi. Va iltimosnomani qanoatlantirmasdan qoldirdi. Sababini tushuntiraman. Sug‘urta uchta holat bo‘yicha kompensatsiya puli to‘laydi. Texnik shikast, sog‘liq va hayot uchun. Bu sug‘urtaning turi shartnomada ko‘rsatilgan narxdan kelib chiqiladi. Buning uchun sug‘urta kompaniyasi bilan shartnoma tuzish kerak. Bizdagi holat bo‘yicha shartnoma yo‘q. Bizda moddiy zarar deganda shaxs qancha muolaja oldi, nimaga dori oldi, buni jabrlanuvchi sudga taqdim etsa, ko‘rib chiqamiz. Hozir taqdim etdimi-yo‘qmi, oldindan fikrimizni bildira olmaymiz. Biz bu bor yoki yo‘qligiga qarab, oxirida fikrimizni bayon etib o‘tamiz, — dedi sudya iltimosnomani rad etganiga izoh berar ekan. 

Sudya Muso Yusupovning aynan shu sud majlisida o‘qib eshittirishicha, Namangan viloyatida yashovchi Nodirbek Nosirov “Dok-1 Maks” siropidan vafot etgan farzandi, marhum Mansurbek Nosirovning o‘limi uchun 500 milliard so‘m tovon puli talab qilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalgi sud majlislarida jabrlanuvchilar talab qilgan tovon puli miqdorining eng ko‘pi 8 milliard so‘mgacha chiqqandi. 

“Dok-1 Maks” siropi sabab gapirishdan, yurishdan to‘xtagan va birinchi guruh nogironiga aylangan 5 yoshli Alibek O‘ktamovning otasi Feruz Nuritdinov sudning avvalgi majlisida farzandini davolatish uchun ayni kunga qadar 35 ming dollar xarajat qilganini, bolasi sog‘ayib ketishi uchun yana 3 milliard so‘m kompensatsiya so‘rashini ma’lum qilgandi. Bugungi sudda u advokat Rajabovning “nega sudlanuvchilardan bu pulni talab qilyapsiz?” deya aytgan e’tirozidan so‘ng, fikrini o‘zgartirganini, endilikda 8 milliard so‘m so‘rashini bildirdi. Va sudyadan bu haqda rasmiy hujjatlarga yozib qo‘yishini iltimos qildi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »