G‘azo sektori bolalar qabristoniga aylandi. YUNISEF navbatdagi tahdiddan ogohlantirdi
G‘azo sektorida Isroil hujumlari sababli halok bo‘lgan bolalar soni 3,4 mingdan oshdi. Bu haqda BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) vakili Jeyms Elder xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektori bolalar qabristoniga aylangan. Jeyms Elder Isroil hukumatini zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga va gumanitar yordam yetkazish uchun o‘tish punktlarini ochishga chaqirdi.
“Agar 72 soat davomida o‘t ochish to‘xtasa, bu minglab bolalarning yana xavfsiz bo‘lishiga imkon beradi”, — dedi BMT Bolalar jamg‘armasi vakili.
Elderning ta’kidlashicha, G‘azo sektoridagi bolalar hayotiga tahdid “bomba va minomyotlar bilan cheklanmaydi”.
Yangi tahdid suvsizlanishdan chaqaloqlarning o‘limi bo‘lishi mumkin, chunki G‘azo zarur bo‘lgan suvning atigi 5 foizini oladi.
Ko‘pgina tuzsizlantirish zavodlari zararlanishi yoki yonilg‘i yetishmasligi tufayli ishlamayapti.
Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, 7-oktyabrdan beri G‘azo sektorida jami 8525 kishi halok bo‘lgan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi, agar Isroil Misrdan kelayotgan insonparvarlik yordami HAMAS jangarilariga yetib borganini aniqlasa, uni to‘sib qo‘yishini aytgan.