“AQSH yordamisiz Ukraina urushda yutqazishi mumkin” — Andrey Yermak
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Amerika harbiy yordami to‘xtasa, Ukrainaning urushda Rossiyaga yutqazib qo‘yish xavfi katta ekanidan ogohlantirdi. Bu haqda Voice of America xabar berdi.
Yermakning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Amerikaning davomli yordamisiz urushda mag‘lub bo‘lishining “katta xavfi” bor.
“Biz uchun pozitsiyalarni saqlab qolish va shunchaki omon qolish qiyin bo‘ladi. Agar hozirda AQSH Kongressida muhokama qilinayotgan yordam kechiktirilsa — qabul qilinmasin demoqchi emasman — bu biz hozir qanday holatda bo‘lsak, xuddi shunday holatda qolishimiz uchun katta xavf tug‘diradi. Bu, ehtimol, hududlarni ozod qilishni davom ettirishni imkonsiz qiladi va urushda yutqazish xavfini tug‘diradi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Yermakning bayonoti Oq uyning Ukrainaga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish bo‘yicha yangi sa’y-harakatlari fonida yangradi. Shu bilan birga, Kongress hali Kiyevning harbiy harakatlarini moliyalashtirishga imkon beradigan murosa bitimini tuzishga yaqin emas.
Oq uy boshqaruv va budjet bo‘limi direktori Shalanda Yang Kongressga yo‘llagan maktubida Ukrainaga ajratiladigan pul deyarli tugaganini aytgandi.
O‘z navbatida, AQSH prezidenti Jo Bayden Kongressning Ukrainaga yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish kechikishini tanqid qilgan.
“Ukrainani qo‘llab-quvvatlamaslik shunchaki telbalikdir. Bu AQSH manfaatlariga zid”, — degan u.
AQSH moliya vaziri Janet Yellen agar kongressmenlar Ukrainaga yordam berish uchun mablag‘ ajratilishini ma’qullamasa, Vashington Kiyevning mag‘lubiyati uchun javobgar bo‘lishini aytdi.