AQSHning Ukrainaga ajratadigan puli deyarli tugadi
Oq uy Kongressga 2023-yil oxirigacha Ukrainaga yordam berish uchun ajratiladigan resurslar tugashini ma’lum qildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Oq uy boshqaruv va budjet bo‘limi rahbari Shalanda Yang Kongress rahbarlariga maktub yo‘lladi. Unda yil oxirigacha Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun mablag‘ butunlay tugab qolishi haqida ogohlantirilgan.
“Bizda bu vaziyatni yengish uchun sehrli moliyaviy qozon yo‘q. Pulimiz va deyarli vaqtimiz tugadi. Harakatsizlik Ukrainani jang maydonida tiz cho‘ktiradi, bu nafaqat Ukrainaning yutuqlarini xavf ostiga qo‘yadi, balki Rossiya harbiylarining g‘alaba qozonish ehtimolini ham oshiradi”, — dedi Oq uy vakili.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatining qarshi hujumi ko‘zlangan maqsadlariga erisha olmaganini, chunki ittifoqchilari kutilgan qurollarni taqdim etmaganini aytgandi. Shuningdek, Zelenskiy AQSHga tashrifi chog‘ida agar milliardlab dollarlik yordam oqimi kesilsa, Kiyev urushda yutqazishidan ogohlantirgandi.