Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush iqtisodiyoti global neft va gaz bozorlari uchun kalit bo‘lgan Fors ko‘rfazi davlatlarini qamrab oladigan kengroq konfliktni keltirib chiqarishi mumkin. 

Foto: AFP

20-oktyabr kuni Qizil dengizdagi AQSH esminetsi Yamandagi husiylar tomonidan Isroilga qarata otilgan qanotli raketalarni tutib oldi. O‘sha kuni AQSH prezidenti Bayden HAMAS hujumidan maqsad Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasida tinchlik kelishuviga yo‘l qo‘ymaslik ekanini aytdi. 

“Men saudiyaliklar bilan gaplashmoqchi edim. Saudiyaliklar Isroilni tan olishni xohlaydi”, — dedi u. Mintaqaviy keskinlashuv xavfining barometri bo‘lgan neft narxi bir barrel uchun 92 dollarga yetdi.

Ko‘rfaz davlatlari bu yil mintaqada keskinlikni pasaytirish yili bo‘lishiga umid qilgandi. Ular o‘z iqtisodiyotlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha ulkan rejalarga e‘tibor qaratish uchun xotirjamlikni xohlaydi. Endi mintaqadagi tarixiy konflikt qayta jonlandi.

HAMASni qo‘llab-quvvatlagan Qatar uchun bevosita maqsad o‘zini o‘zi saqlab qolishdir. Biroq The Economist tahlilchilariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni va BAA HAMASni zaiflashtirmoqchi, ular Eron bilan kengroq qarama-qarshilikka yo‘l qo‘ymaslik va qandaydir tarzda avtokratik, ammo tinchroq va farovon mintaqa haqidagi qarashlarini saqlab qolish tarafdori. Bu nozik va xavfli muvozanatdir.

Qatar va HAMAS aloqalari

Qatar ham Amerika ittifoqchisi, ham HAMAS tarafdori. HAMAS jangarilari Isroilda 1400 dan ortiq odamni o‘ldirgan 7-oktyabrdan beri bu aloqalar asabiylashish manbaiga aylandi. HAMAS yetakchilarining ayrimlari Qatar poytaxti Dohada yashaydi. Gazga boy amirlik HAMAS boshqaruvidagi G‘azo sektoriga oyiga 30 million dollargacha xayriya qiladi. Yillar davomida Qatar ittifoqchilarga uning HAMAS guruhi bilan aloqalari foyda keltirishini aytgan. Amirlik guruh va G‘arb o‘rtasida vositachi bo‘lishi mumkin.

“Qatar hali ham Amerika uchun foydali bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatish uchun kurashmoqda”, — deyiladi xabarda. 

20-oktyabr kuni HAMAS tartibsizliklar paytida garovga olgan 200 dan ortiq asirlardan ikkitasini, ikkalasi ham AQSH va Isroil fuqarosi bo‘lgan, Qatar vositachilik qilishga yordam bergan kelishuv asosida ozod qildi. Ammo mittigina boy davlatda inkor etish va vahima alomatlari ko‘rinmoqda.

14-oktyabr kuni qatarlik diplomat HAMAS yetakchisi Ismoil Haniya Dohada emas, Turkiyada ekani haqida xabar berdi. Bir necha soatdan keyin Eron tashqi ishlar vaziri Dohada janob Haniya bilan televideniye orqali uchrashuv o‘tkazdi.

Qatarning islomiy guruhlar bilan aloqalariga 2017-yilda to‘rt arab davlati mitti amirlikka sayohat va savdo embargosi joriy qilgani sabablardan biri bo‘lgan.

Ushbu urushning changi tinganda, Qatar harbiylashtirilgan guruhlar bilan aloqalarni uzish uchun Amerikaning yanada katta bosimiga duch kelishi mumkin.

BAAning pozitsiyasi qanday?

2020-yilda Isroilni tan olgan birinchi Fors ko‘rfazi davlatiga aylangan BAA boshqacha pozitsiyada. Aksariyat qo‘shnilaridan farqli o‘laroq, uning 7-oktyabrdagi hujum haqidagi dastlabki bayonoti Isroilga hamdardlik bo‘ldi. 

“Ular siyosiy islomdan nafratlanadi, buni tahdid deb biladi va shaxsan HAMASni keskin tanqid qiladi”, — deb yozadi The Economist nashri.

17-oktabr kuni G‘azodagi Ahli Arab kasalxonasida ro‘y bergan portlashdan bir necha soat o‘tib, Isroil armiyasi bu yerda havo hujumi uyushtirganini inkor qildi. BAA boshqa arab davlatlari bilan birga Isroilni qoralashda davom etdi. Biroq, bunday bayonotlarni diplomatik teatr sifatida qabul qilish kerak: ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar mustahkamligicha qolmoqda.

Saudiya qanday rol o‘ynamoqda?

Saudiya Arabistoni o‘rta kursni olishga harakat qildi. Uning HAMAS hujumiga javobi Isroilning o‘tmishdagi jinoyatlari ro‘yxatini keltirish va zudlik bilan o‘t ochishni to'xtatishga chaqirish bo‘ldi.

“Bu har doim muqaddas yerda avj olgandan keyin aytiladigan bayonotdir. Ammo uning pozitsiyasi o‘zgarganini ko‘rsatadigan alomatlar ham bor”, — deyiladi xabarda.

17-oktyabr kuni qirollik razvedka xizmatini 1979-yildan 2001-yilgacha boshqargan Turki bin Faysal Al Saud Amerika tahlil markazi bilan suhbatlashdi. Uning so‘zlari qirollik oilasining a’zosi sifatida ahamiyatga ega. U HAMASni tinch aholini o‘ldirganlikda qoraladi va buni islomga zid deb hisobladi. Turki Isroilni ham G‘azoni “beg‘araz bombardimon qilgani” va yarim asrlik bosib olgan jinoyatlari uchun qoraladi.

Bir kun o‘tib Saudiya Arabistoniga tegishli Al Arabiya telekanali HAMASning sobiq rahbari Xolid Meshaaldan intervyu oldi. Jurnalist undan HAMAS urushga kirishishga bir tomonlama qaror qabul qilganidan keyin boshqa arab davlatlaridan qanday yordam kutishi mumkinligini bir necha bor so‘radi, uni Isroil fuqarolarining o‘ldirilishini qoralashga majbur qildi va Eronning yordami “yaxshi keldimi?” degan savol berdi.

Bu HAMAS rasmiylari arab tilidagi kanallarda deyarli hech qachon bermaydigan intervyu edi. HAMAS sobiq rahbari xavotirga tushgandek tuyuldi. Intervyuning bir qismi ijtimoiy tarmoqlar va hatto Isroil televideniyesida ham keng tarqaldi.

Saudiya Arabistoni nimani ko‘zlamoqda?

The Economist nashriga ko‘ra, Saudiya Arabistonining maqsadi haqida uchta xulosa chiqarish mumkin. 

Birinchidan, u HAMASga putur yetkazmoqchi. Ikkinchidan, u Eron bilan kengroq qarama-qarshilikdan qochmoqchi. Saudiya shahzodasi Turki mamlakat va Eron o‘rtasidagi yaqinlashuv hali ham davom etayotganini ochiq aytdi. Mart oyida ikki raqib o‘z elchixonalarini qayta ochishga va o‘nlab yillar davom etgan nizolarni yumshatishga kelishib oldi.

Nihoyat Saudiya Arabistoni Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish uchun eshikni yopmayapti. Amerika bu yil ko‘p vaqtini Saudiya Arabistoni Isroilni tan oladigan kelishuvga erishish uchun sarfladi; Buning evaziga qirollik Amerika bilan mudofaa shartnomasi tuzmoqchi edi.

“Saudiyaliklar falastinliklarga nisbatan ishg‘olni to‘xtatish uchun emas, balki uni kamroq og‘riqli qilishga ishora qilishdan mamnun”, — deyiladi xabarda.

Endilikda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va mamlakatning amaldagi hukmdori Muhammad bin Salmon mintaqaning 1967-yilgacha bo‘lgan chegaralari bo‘ylab Falastin davlatini yaratishga chaqirdi. Isroil bilan muzokaralar avvalgiga qaraganda tinchroq bo‘lsa ham davom etadi, ammo Isroil uchun narx endi yuqoriroq bo‘ladi.

Vaziyatning rivojlanishi

Hozir ko‘p narsa Isroilning G‘azoga quruqlikdan bostirib kirishi tabiatiga bog‘liq: tinch aholi qurbonlari soni ortishi bilan Fors ko‘rfazi davlatlari o‘z ichlarida va butun arab dunyosida Isroilni qoralash va aloqalarni uzish uchun kuchayib borayotgan bosim ostida qoladi.

Ko‘rfaz yetakchilari hali ham bir narsaga kelishib olishi mumkin: ular urush tugashini xohlaydi. Bu hafta Ar-Riyodda yig‘ilgan moliyachilar sayohat, savdo va turizm uchun milliard dollarlik g‘oyalar haqida gaplashmoqchi. Tepada raketalar uchib o‘tishi xavfi mavjud bo‘lsa, ularning hech biri amalga oshmaydi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »